UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

Turkiya brendlari Oʼzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalardan iborat delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan ishbilarmonlik tashrifining navbatdagi kunida Bursa shahrida Oʼzbekiston-Turkiya ishbilarmonlik uchrashuvi va B2B muloqotlar tashkil etildi. Ushbu forumda oʼzbek korxonalari bilan bir qatorda, Turkiyaning poyabzal brendlari ishtirok etib, oʼzaro hamkorlikning istiqbollarini atroflicha koʼrib chiqishdi.

Dastlab, Oʼzbekiston tomoni qardosh oʼlka kompaniyalariga mamlakatimizda charmsanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilik bazasi, mahalliy va xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit, ajratilayotgan preferentsiyalar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida taqdimot oʼtkazdi. Shuningdek, bojxon, soliq imtiyozlari, logistika yoʼnalishlarida maʼlumotlar taqdim etildi. Uyushma tomonidan 2024-2026 yillarga moʼljallangan yangi invest loyihalar paketi taqdim etildi.

Forumdan soʼng, ikki davlat biznes doira vakillari ishtirokida B2B muloqoti tashkil etildi. Turkiya brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarish, “Аutsorsing”asosida poyabzal yetkazib berish, hamkorlikda qoʼshma loyihalarni amalga oshirish boʼyicha muloqotlarda Oʼzbekiston korxonalari samarali kelishuvlarga erishdi.

Jumladan, mahalliy “Perfect”, “UzShoes”, “KFK”, “San+One”, “Iskander”, “Magna Sport” kabi brend korxonalar Turkiyaning “Gratto”, “Sato”, “NGS”, “MyFit”, “O`z Mizan Deri” kabi oʼnlab korxonalari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha muzokaralar oʼtkazdi.

“San+One” va “KFK” korxonalari “Gratto” brendi bilan mahsulotlarni Oʼzbekistonda ishlab chiqarib, Italiya va MDH davlatlariga eksport qilishni yoʼlga qoʼyish masalasida muloqot oʼtkazdi. Turk brendi dastlab, oʼz modellarini mahalliy korxonalarimizda ishlab chiqarsa, keyinchalik ishlab chiqarishning bir qismini Oʼzbekistonga koʼchirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Turkiyaning “Myfit” brendi esa “Аutsorsing” asosida poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Bu borada tadbirkorlarimiz bilan mahsulotlar modellarini shakillantirish, xom ashyo bilan taʼminlash boʼyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Xarbiylar uchun poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “WARBOOTS” kompaniyasi Oʼzbekistonda yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniyaning dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish quvvati boʼlishi aytilmoqda. Umumiy 8 gektar yer maydonida loyihani amalga oshirish kutilmoqda. Loyihaning dastlabki taxminiy qiymati 50 mln dollar deya baholanmoqda. Daslabki bosqichda 15 mln.dollar sarmoya kiritilishi maʼlum qilindi. Bu loyiha ishga tushishi bilan 4000 dan ortiq yangi ish oʼrni yaratiladi. Loyiha toʼliq ishga tushishi bilan esa 700 mln dollarlik eksportni amalga oshirish maqsad qilingan. Uyushma masʼullari bilan boʼlib oʼtgan muzokarada loyiha uchun Toshkent viloyatning Oxangaron tumanidagi kichik sanoat zonasidan yer maydonini ajratish taklif etildi. Kompaniya loyihani shakillantirish boʼyicha reja ishlab chiqgan. Muzokaralarda ushbu rejani delegatlarga taqdim etdi. Mart oyida kompaniya vakillari Oʼzbekistonga kelib, yer maydoni, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishishni maqsad qilgan.

Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz Bursadagi sanoat zonalarida boʼlib, terini qayta ishlash, brend poyabazllarni ishlab chiqarish boʼyicha Turkiya tajribasi bilan tanishdi. Shu yerning oʼzida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʼyicha muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Xususan, “Magna Sport” korxonasi "Bursa Eldiven Sanayi" kompaniyasi bilan sanoat va qurilishda zarur boʼlgan qoʼlqoplarni ishlab chiqarishga kelishib oldi. Mart oyida Turk kompaniyasi mamlakatimizga kelib, mahsulotlarni eksport qilish boʼyicha kelishuvni imzolashi kutilmoqda. Shuningdek, keyinchalik ishlab chiqarishni mahalliy korxonamiz bilan birga olib borishga qiziqish bildirdi.