UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

O‘zbekiston va Malayziya charm-poyabzal sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi shu kunlarda Malayziyada bo‘lib turibdi. Mamlakat poytaxti Kuala-Lumpurda O‘zbekiston-Malayziya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati ham o`rin olgan. Uyushma raisining birinchi o`rinbosari Malayziyalik ishbilarmonlarga O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati salohiyati, keyingi yillarda erishilgan yutuqlar, sohaning o‘sish ko‘rsatkichlari, xalqaro brendlarni jalb etish, istiqbolli sarmoyaviy loyihalar to`g`risida atroflicha ma`lumot berdi.

Biznes-forum doirasida Malayziya ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi prezidenti, shuningdek, Eksport va xalqaro biznes qo‘mitasi prezidenti Dato Go Bun Kim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va erishilgan kelishuvlarni birlashtiruvchi memorandum imzolashga kelishib oldilar. Malayziyalik hamkor joriy yilning aprel oyida ishlab chiqaruvchilar delegatsiyasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishini va har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ekanligini bildirdi.

Shuningdek, Osiyo-Tinch okeani franchayzing konfederatsiyasi bosh menejeri, Logarasan Anbarasan va Malayziyaning “Prife International SDN BHD” tibbiyot kompaniyalari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida mazkur kompaniyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ortopedik poyabzallarni xarid qilishga qiziqish bildirdi. Yaqin kelajakda tadbirkorlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, ishlab chiqarilayotgan poyabzallar sifatini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Malayziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Dato Soxaimi Shahadan bilan muloqotda sohaning sarmoyaviy, sanoat va eksport salohiyati haqida atroflicha fikr almashildi. O`zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor charm na`munalari kompaniyaga taqdim etildi.

“Prince Learning” markazi direktori Nosir Xusin bilan O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha qo‘shma kurslar tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Biznes-forum doirasida “MRP” moliyaviy kompaniyasi asoschisi Frensis Chin bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Muhokama chog‘ida O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoatiga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilindi.

Malayziya ayollar uyushmasi prezidenti Sherri Aljunied bilan uchrashuvda tomonlar Malayziyaga dizaynerlik poyabzallari va charm buyumlar yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.