UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

​APLF ASEAN: O`zbekiston charm sanoati korxonalari manfaatli kelishuvlarga erishmoqda

Ma’lumot uchun: Tailand Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari uchun charm va charm mahsulotlari ekport-importida mintaqaviy markazdir. Shuningdek, ushbu hudud uchun dizaynerlarni tayyorlovchi manzil ham sanaladi. “APLF” esa aynan o`z brendini tanitish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim muloqot lokatsiyasi sanaladi. Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari ya’ni Tailand, Vetnam, Indoneziya, Malayziya kabi davlatlar charm sanoati korxonalari yiliga 3-4 milliard dollardan ortiq charmni import qiladi. Demak bu borada hamkorlikni yo`lga qo`yish O`zbekiston uchun yangi eksport bozori demakdir.

“O`zcharmsanoat” uyushmasi delegatlari, “Pelle Technology”, “New Leather” (Amin Bio) kabi mahalliy korxonalarimiz ko`rgazma doirasida ko`plab xorijiy kompaniyalar bilan muzokalar olib bordi. Xususan, “Chai Watana Tannery Group”, “Arun Shree International”, “Gobba Leather” kabi yirik kompaniyalar mamlakatimizdan charmning wet-blue va krast shaklini sotib olishga katta qiziqish bildirdi. Muloqot natijasidasida “Arun Shree International” kompaniyasi rahbari Pulkit Magan noyabr oyida O'zbekistonga mazkur haridlarni amalga oshirish imkoniyatini o'rganish uchun tashrif buyuradigan bo`ldi.

Shuningdek, “San-One”, “Otto by Otta” va “Urban Hayot” poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalari ham ko'rgazma davomida bir qator trening va seminarlarda, muzokaralarda ishtirok etdi. “San-One” kompaniyasi ekzotik teridan (krokodil, piton, skad va x.k.) lyuks turdagi poyabzallar ishlab chiqarishni yo'lga qo`yish maqsadida “Achiraya Rodsamayi” va “I.B.Leather Co” kompaniyalari bilan muzokaralar o'tkazdi.

Ko`rgazma davomida Indoneziya, Janubiy Afrika, Tailandning charm sanoati uyushmalari va mazkur sohada faoliyat yuritadigan malakali dizayner va promoterlar bilan foydali fikr va mulohazalar almashishga erishildi. Indoneziya charm sanoati uyushmasi bosh kotibi Arifin Kustiawan bilan bo'lib o'tgan muloqotda, Indoneziyada charmning wet-blue va krast shakliga talab yuqoriligi, shu bois ushbu turdagi charm mahsulotlarni O`zbekistondan xarid qilish tashabbusi bildirildi. Kelishuvga asosan mahalliy korxonalarimiz na'munalarni taqdim qiladigan bo`ldi.

Bundan tashqari “APLF” ko'rgazmasining Hong Kongda bo'ladigan eventida 'Made in Uzbekistan' yorlig'i ostida umumlashgan stend tashkil qilish masalasi ko`rib chiqildi.