UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

Hududlararo forumda 70 mln.dollarlik kelishuv shartnomalari imzolandi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23—25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʼladi. Oliy darajadagi uchrashuvlar olidan Xitoyning Urumchi shahrida Oʼzbekiston-Xitoy birinchi hududlararo biznes- forumi hamda “Made In Uzbekistan” milliy koʼrgazmasi tashkil etildi.

Ushbu ikki tadbirda Oʼzbekiston delegatsiyasi tarkibida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda unga aʼzo korxonalar vakillari ishtirok etib, Xitoy kompaniyalari va investorlari bilan samarali muloqot va muzokaralar oʼtkazdi.

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Xitoyning charm-poyabzal sohasida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalari bilan hamkorlik yoʼnalishlarida muzokaralar olib bordi. Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyalariga yuritimizda davlat tomonidan investorlar uchun berilgan imkoniyatlar, sohaning bugungi kundagi holati, eksport geografiyasi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifat koʼrsatkichlari yuzasidan taqdimot oʼtkazildi.

Xususan, Xitoyning “Wenzhou Jinsheng Trading Co.,Ltd” va “Veng Yubiao” kabi kompaniyalar bilan yurtimizda chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish maqsadida qoramol terisini chuqur qayta ishlash va yengil turdagi poyabzal (tapochka) uchun xomashyo ishlab chiqarish tashkil etish boʼyicha muzokaralar oʼtkazildi.

Shuningdek, “Made in Uzbekistan” koʼrgazmasiga tashrif buyurgan xitoylik kompaniyalarga mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan charm-poyabzal va jelatin mahsulotlari namoyish etildi. Jumladan, Xitoyning “Yangling Guohe Cross-border E Commerce Co., Ltd” va “Zaozhuang Tong You Trading Co.,Ltd” kabi kompaniyalar tomonidan mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlarini sotib olish takliflari bildirildi.

Xitoyning “Pus” kompaniyasi ijrochi direktori Lanse Liyu bilan oʼtkazilgan muzokaralarda yurtimizda davlat tomonidan investorlar uchun berilgan yengilliklar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi. Xorijiy kompaniya tomonidan yurtimizda jelatin mahsulotlarini ishlab chiqarish boʼyicha 10 mln. АQSh dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun zarur boʼladigan yer maydonini aniqlash maqsadida, joriy yilning mart oyida Oʼzbekistonga tashrif buyurishiga kelishib olindi.

Bundan tashqari, koʼrgazma maydoniga tashrif buyurgan Xitoyning “Wuxi Hanlin Industrial Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan yurtimizda ishlab chiqarish jarayonlari xususan, poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur boʼlgan kley mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish boʼyicha muzokaralar oʼtkazildi.

Shuningdek, eksport yoʼnalishida ham koʼplab xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar oʼtkazilib, mahaliiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi. Jumladan, Xitoyning “Shenzhen Juhezhen Supply Chain” va “Shenzhen Shunliyuan Import and Export” kabi kompaniyalar tomonidan “Nafis Charm”, “Baraka Leather” va “Hamkor Nur Savdo” mahalliy korxonalarida ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlarini sotib olish takliflari bildirildi.

Surxondaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan “Top Quality Brend” korxonasi va Xitoyning “Power Uhuru Share Ltd” kompaniyasi oʼrtasida boʼlib oʼtgan muzokaralarda mamlakatimizda jelatin xom ashyosini ishlab chiqarish boʼyicha fikr almashildi. Xalqaro standartlar asosida barpo etiladigan loyiha 2024-2025 yillarda amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 20 mln. dollarni tashkil etadi. Muzokaralar yakuni bilan tomonlar kelishuv shartnomasini imzoladi.

Muzokaralar soʼnggida, Xitoy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 70 mln. АQSh dollarlik savdo-investitsiya shartnomalari imzolashga erishildi.