“EVA” GRANULALARINI ISHLAB CHIQARISHDA XITOY BILAN HAMKORLIK
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining XXRga amalga oshirgan ishchi tashrifining navbatdagi kunida “Jinjiang Jiarun Plastics and Rubber” kompaniyasi vakillari bilan “EVA” xom ashyosi va undan tayyor poyabzallarni Oʼzbekistonda ishlab chiqarish masalasida muzokara oʼtkazildi.
Maʼlumot uchun: “Jinjiang Jiarun Plastics and Rubber” kompaniyasi Xitoyda 2014 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda Xitoy, Efiopiya, Sudan va Misrda ishlab chiqarish zavodlariga egadir. Shuningdek, “EVA” xom ashyosidan “Timberland”, “Skechers”, “Brooks”, “Clarks”, “UGG” brendlari uchun poyabzal tag qisimlarini yetkazib beradi. Kolumbiyada esa “EVA” poyabzallarini ishlab chiqarish zavodiga egadir. Hozirga kelib, Janubiy Аmerika, Аfrika, Fors koʼrfazi davlatlari, Janubiy Osiyo mamlakatlariga oʼz mahsulotlarini eksport qilib kelmoqda.
Muloqotda uyushma delegatlari kompaniya vakillariga mamlakatimizda soʼngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish jarayonlari, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, bojxona hamda soliq imtiyozlari, logistika kabi qator yoʼnalishlarda maʼlumot taqdim etdi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi kelgusi yillarda korxonaning eksport koʼrsatkichlari tushishini maʼlum qilib, bunga asosiy sabab, xozirda mahsulotlarini eksport qilayotgan davlatlarning oʼzida bu xom ashyoni ishlab chiqarish jarayonlari boshlanganini qayt etib oʼtdi. Shu maqsadda kompaniya oʼz kapitalini yangi bozorlarga yoʼnaltirishni maqsad qilgan.
Muzokaralar vaqtida kompaniya rahbari Oʼzbekistondagi korxonalar bilan sheriklik asosida yangi ishlab chiqarish korxonasini barpo etishga tayyorligini maʼlum qildi. Shuningdek, bu yoʼnalishda mutaxasisslar tayyorlash boʼyicha oʼquv dasturlarini amalga oshirish boʼyicha tashabbuslarini bildirdi. Qayd etilagindek, yangi amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha toʼliq Xitoy texnologiyasi asosida barpo etiladi. Texnolog va injenerlarni yetkazib berishni kompaniya oʼz zimmasiga oladigan boʼldi.
Muloqot soʼngida joriy yilda Jinjiang shahrida boʼlib oʼtadigan xalqaro poyabzal koʼrgazmasida kompaniya bilan hamkorlik qilish niyatida boʼlgan mahalliy korxonalarimiz bilan kelishuv shartnomasini imzolashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.