UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

XITOY KOMPANIYALARI BILAN YANGI INVEST LOYIHALAR AMALGA OSHIRILADI

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dongguan shahar kengashi (CCPIT) rahbariyati bilan uchrashuv oʼtkazdi. Muloqot mavzusi Oʼzbekistonda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarida Xitoy kapitali asosida invest loyihalarni amalga oshirish masalasi boʼldi.

Muloqotda uyushma delegatlari kompaniya vakillariga mamlakatimizda soʼngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish jarayonlari, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, bojxona hamda soliq imtiyozlari, logistika kabi qator yoʼnalishlarda maʼlumot taqdim etdi.

“CCPIT”ning Dongguan shahar kengashi rahbariyati Oʼzbekistonda yaratilgan qulay biznes muhiti mazkur shahar korxonalarining ishbilarmonik faoliyati uchun juda muhim yoʼnalishlar ekanligini maʼlum qildi. Xususan, mamlakatimizdagi mavjud charm sanoat sohasiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarida Xitoy kapitali asosida tabiiy charmdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi. “CCPIT”ning Dongguan shahar kengashi joriy yilda Oʼzbekistonga tashrif buyurib, kichik sanoat zonalari joylashgan hududlarni, infratuzilma bilan yaqindan tanishadigan boʼldi. Shundan soʼng Xitoy kompaniyalarini ushbu KSZga taklif qilishini maʼlum qildi.

Muloqot soʼngida joriy yilning 25 yanvar kuni Shenchjen shahrida boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston-Xitoy investitsiya forumida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dongguan shahar kengashi oʼrtasida hamkorlik toʼgʼrisidagi memorandum imzolanadigan boʼldi.