UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

Oxangaron tumanida 26 ta loyihani birlashtirgan kichik sanoat zonasi ish boshlash arafasida

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan 2024 yil 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 531-sonli qaroriga muvofiq Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasiga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasining yer maydonlarini elektron auktsion savdolariga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev boshchiligida Uyushmaning ijro etuvchi apparati, Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direktsiya davlat muassasi rahbari Nurbek Rajabov, Ohangaron tumani hokimi Erkin Muxitdinov va o‘rinbosari G‘olib Eshmirzayev, “Elektron onlayn-auktsionlarni tashkil etish” AJ, Auktsion markaz bo‘lim boshlig‘i Abbos Abdullayev va charm sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan tashabbuskor tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanining 16 ga yer maydonida tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonasida 30 mln dollar investitsiya hisobiga 26 ta loyiha amalga oshirilishi hamda charm-poyabzal klasteri tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda KSZ tashkil etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilib, “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga tashabbuskor tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ohangaron tumanida tashkil etilayotgan sanoat zonasining yer maydonlarida loyihalarni joylashtirish bo‘yicha tartiblar muxokama etildi. Bu jarayonda hududning har bir sotix yeridan unumli foydalanilgan holda loyihalarni joylashtirishda ko‘p qavatli binolardan keng foydalanilgan holda amalga oshirish zarurligi, ishlab chiqarish quvvatlarining atrof-muhitga ta'sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, soha korxonalarining auktsionda qatnashish tartibi va yer ajratish mexanizmlari muxokama qilindi.

“Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-331-son qaroriga asosan soddalashtirilgan tartib va imtiyozlar nazarda tutilgan. Bular:

– charm-poyabzal, mo‘ynachilik va ixtisoslashgan so‘yish korxonalari tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, korxonalar tomonidan bir yil ichida har oy teng ulushlarda amalga oshiriladi;

– elektron onlayn auktsion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi 25 yil muddatdan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi;

– yer uchastkalari elektron onlayn auktsion savdolariga aniqlangan boshlang‘ich narxining 10 foizi miqdorida chiqariladi;

– elektron onlayn auktsion savdolari g‘oliblari tomonidan yer uchastkalari uchun mablag‘lar 3 yil davomida teng ulushlarda to‘lab beriladi va boshqalar.

Yig‘ilishda tomonlar loyihalarni tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi ishlarni tezlashtirish bo‘yicha kunlik “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash va ijrosini ta'minlashga kelishib olishdi.