“МЯГКОЕ ЗОЛОТО РОССИИ” KO‘RGAZMASIDA QORAKO'LCHILIK VA MO'YANCHILIK MAHSULOTLARI
15-17 aprel kunlari Pyatigorsk shahrida «Мягкое золото России» VII Xalqaro mo'yna, charm va yengil sanoat ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari ko‘rgazma va biznes dasturida O'zbekiston nomidan faol ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, «Мягкое золото России» mo‘yna, charm va yengil sanoat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi 2017-yildan buyon Pyatigorskda o‘tkazib kelinmoqda. Bu Rossiya va MDH mamlakatlaridagi eng yirik sanoat tadbiridir. Ko'rgazmaga butun Rossiya va chet eldan yuzlab ishlab chiqaruvchilar, savdo tashkilotlarining minglab vakillari, taniqli dizaynerlar va moda sanoati mutaxassislari tashrif buyurishadi.
Made in Uzbekistan stendida Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari, jumladan, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “AsianFurs” korxonasi namoyish etildi. Ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz tadbirkorlari Rossiyaning turli hududlari va boshqa mamlakatlar ishbilarmonlari bilan muzokaralar olib bordi.
Jumladan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari moʻyna bozorining yetakchi ishtirokchilarini Oʻzbekistonda kuzgi UzCharmExpo-2024 xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etish uchun jalb qilish maqsadida Rossiyadagi mo‘ynali fermer xo‘jaliklari raisi Vladimir Bozov hamda “Semifur”, «Русская кожа» , «Лаванда», «Скифтех», «Экостиль» va boshqa mo‘yna sanoati korxonalari bilan muzokaralar olib bordi.
Rossiyadagi hududiy do‘konlar va mo‘yna fabrikalari vakillarida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari stendida namoyish etilgan qorako‘l mo‘ynali kiyimlardan tayyor mahsulotlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturi doirasida “Mo‘yna va mo‘yna sanoati 2024” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda xalqaro savdo aloqalari masalalari, sanoat rivojlanishining asosiy xatarlari va yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish yo‘llari, sanoatni jahon bozorlarida rivojlantirish istiqbollari kabi mavzular muhokama qilindi. Ushbu konferentsiyada Rossiya mo'ynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov moderatorlik qildi, Xitoy Xalq Respublikasi hukumat delegatsiyasi, Angliya, Belgiya, Finlyandiya, AQSh va O'zbekistondan mutaxassislar onlayn tarzda ishtirok etdilar.
Rossiya mo'ynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar stendiga tashrif buyurib, Made in Uzbekistan mahsulotlarining afzalliklarini taʼkidladi. Mashhur kutyure Sergey Efremov bilan kelgusi hamkorlik va rossiyalik moʻyna va charm kiyim ustasining qorakoʻl moʻynasi kolleksiyasini yaratish boʻyicha korxonalarimiz bilan hamkorligi boʻyicha muzokaralar olib borildi.