ASSOMAC:Oʼzbekiston charm sanoatiga 1.5 mln dollar ajratildi
O‘zbekiston charm-poyabzal korxonalari delegatsiyasi Italiyaning Milan shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqda.
Xususan, charmni qayta ishlash va poyabzal sanoati uchun uskunalar va texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi – SIMAC (TANNING-TECH) 2023da “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Italiya (ASSOMAC) poyabzal ishlab chiqaruvchilar, charm buyumlar va ko'nchilik texnologiyalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Roberto Vago bilan muzokaralar o'tkazdi.
Jumladan, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Italiya charm va poyabzal uskunalari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (Assomac) oʼrtasida boʼlib oʼtgan muzokaralarda Italiya tomoni Oʼzbekiston charm-sanoatida texnologik markaz barpo etish uchun 1,5 mln. dollar ajratish boʼyicha qaror qabul qilindi.
Yangi tashkil etilayotgan texnologik markaz charmsanoat va tekstil sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish sohalarini qamrab oladi. Bugungi kunda Oʼzbekiston charm sanoatidagi yangilanishlar va ishlab chiqarish dinamikasi Italiyaning ushbu soha vakillarining ham eʼtiboridan chetda qolmayapti.
Mahalliy brendlar Oʼzbekiston bilan xamkorlik qilish boʼyicha yangi loyihalarni boshlamoqda. Ularni amalga oshirishda mazkur texnologik markaz yaqindan yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, "O`zcharmsanoat" uyushmasi va Germaniya poyabzal va attorlik federal uyushmasi oʼrtasida boʼlib oʼtgan uchrashuvlarda Olmon brendlarini mamlakatimizga jalb etish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqlishiga kelishib olindi. Germaniya tomoni qayd etganidek, hozirda Yevropa Ittifoqidagi katta-katta brendlar ishonchli hamkorlarni izlamoqda. Shu sabab, oktyabr oyida Germaniyaning eng yirik oltita brendidan iborat delegatsiyasi O`zbekistonga tashrif buyuradi. Mazkur tashrif davomida Ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish boʼyicha kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Olmon brendlari 18-20 oktyabr kunlari bo`lib o`tadigan “UzCharmExpo-EurAsia-2023” koʼrgazmasida ishtirok etib, “Аutsorsing” asosida ishlash boʼyicha yangi hamkorlar topishi kutilmoqda.
Italiyaning “Aldo Brue” brendi mamlakatimizda oʼz ishlab chiqarishini yo`lga qo`yishni rejalashtirgan. Investitsion kelishuvga asosan yangi korxonada premium klasdagi poyabzallar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro standartlarni joriy qilish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish borasida ham koʼplab kelishuvlarga erishildi.
Xalqaro standartlarni joriy etish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish bo‘yicha ham ko‘plab kelishuvlarga erishildi.