Koreyaning “TG Holding” kompaniyasi Oʼzbekistonda invest loyihalarni boshladi.
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboev Koreya Respublikasining “TG Holding” kompaniyasi rahbari Sang Jin Kong boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqotning asosiy mavzusi kompaniyaning Oʼzbekistonga yoʼnaltirayotgan sarmoyasi evaziga yangi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari boʼldi.
Аvval xabar berganimizdek, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboevning Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida “TG Holding” bilan oʼtkazgan muzokaralari natijasida mamlakatimizning sanoat, ishlab chiqarish, xizmat koʼrsatish sohalariga 150 mln. dollar sarmoya kiritish boʼyicha kelishuvga erishilgan edi. Muloqotlar amaliy harakatlar bilan davom etmoqda.
Koreya kompaniyasi Oʼzbekistonda ilk investitsiya loyihalarining yoʼnalishlarini belgilab, mamlakatimizga aniq loyihalar rejasi bilan tashrif buyurdi. “TG Holding”ning ilk sarmoyaviy loyihalari charm-poyabzal, kosmetologiya, eneregetika, xizmat koʼrsatish sohalarida amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu loyihalarga 150 mln. dollar sarmoya yoʼnaltiradi. Kompaniya rahbari Oʼzbekistonga sarmoya kiritishni quyidagicha izoh etdi.
Soʼngi yillarda Oʼzbekistonning investitsion salohiyati yuqori dinamik oʼsishni qayd etmoqda. Xorijiy sarmoyador oʼz huquqlari ishonchli himoyalanganini biladi. Xususan, Uyushma raisning Seulga tashrifi chogʼida muzokarlarning dastlabki raundi muvaffaqiyatli oʼtgan edi. Bir oy oʼtmasdan ana shu ishonch va ishtiyoq bizni Oʼzbekistonga chorladi. Biz dastlabki loyihalarimiz yoʼnalishlarini belgilab oldik. Toʼrtta yoʼnalishda joriy yilning noyabrь oyidan ishni boshlaymiz.
Xususan, Koreya tomoni Oʼzbekistonda Koreya brendlarining poyabzal, kiyim-kechak va attorlik buyumlarini, sunniy charm tayyorlash boʼyicha yangi korxonalarni barpo etadi. Muloqatda uyushma tomonida investorga yangi loyihalarni amalga oshirish boʼyicha Oʼzbekiston qonunchiligidagi imkoniyatlar va imtiyozlar toʼgʼrisida atroflicha maʼlumot taqdim etildi. Xuquqiy maslahatlar koʼrsatish boʼyicha ishchi guruh tuzildi.
“TG Holding” kompaniyasi Oʼzbekistonda ilk loyihalarini 2023 yilning noyabr oyidan boshlaydi. Shu maqsadda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda “TG Holding” kompaniyasi oʼrtasida investitsiyalarni jalb etish hamda yoʼnalishlar boʼyicha loyihalarni boshlash toʼgʼrisidagi kelishuv memorandumi, Uyushmaga aʼzollikka qabul qilish boʼyicha shartnoma imzolandi.