O`ZBEKSITON-XITOY: CHARMSANOAT SOHASIDA HAMKORLIK KENGAYMOQDA
Ayni kunlarda O`zbekiston hukumatidan iborat delegatsiya XXRda bo`lib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalangan holda chin yurti sarmoyasini mamlakatimizga faol jalb etish bo`yicha turli muloqot va muzokaralar o`tkazmoqda. Hukumat delegatsiyasi tarkibida “O`zcharmsanoat” uyushmasi vakillari ham ishtirok etib, charmsanoat sohasida o`zaro samarali hamkorlik yo`nalishlarini kengaytirish, Xitoy sarmoyadorlarini yurtimiz charm-poyabzal sanoatiga jalb qilish bo`yicha qator uchrashuvlar o`tkazmoqda.
2023 yilning 20 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston-Xitoy biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy davlatining yirik kompaniyalari, investorlariga yurtimizning iqtisodiy imkoniyatlari, investitsiya, ishlab chiqarish, turizm, charmsanoat sohlaridagi o`sish tendensiyalari yuzasidan taqdimot o`tkazildi. Jumladan, mamlakatimiz charm sanoatidagi so`ngi yillardagi rivojlanish dinamikasi, investitsion muhit, yangi sarmoyaviy loyihalar to`g`risida ma`lumot berildi.
“O`zcharmsanoat” uyushmasi vakillari Xitoyning charm-poyabzal kompaniyalari, konsernlari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uyushma delegatlari “Hong Kong International China International" kompaniyasi bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirish, kompaniya investitsiyasini mamlakatimiz charm sanoatiga jalb etish yuzasidan muzokara o`tkazdi. Loyihalarni tez fursatda boshlash bo`yicha ikki tomonlama hamkorlik memorandumi va kelishuv shartnomasini imzolash bo`yicha qaror qabul qilindi.
“Jianli industries” Guanjou chorvachilik klasteri bosh direktori bilan bo`lib o`tgan muzokaralarda O`zbekistonda yirik va mayda shoxli qoramol terisi xom ashyosini chuqur qayta ishlash bo`yicha loyihani amalga oshirish maslasi ko`rib chiqildi. Klaster rahbari mamlakatimizda hosil bo`ladigan xom ashyoni qayta ishlab uni Xitoyga eksport qilish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Muzokara yakunida bu loyihani amalga oshirishga Xitoy tomoni tayyor ekanligi ma`lum qilindi.
Shuningdek, XXRning “Royal Home Holdings” mebel ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O’zbekiston charm mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi. Kelgusi yilda kompaniya delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurib o’zaro manfaatli shartnomalarni imzolashini ma`lum qildi.
“O`zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi XXR tashrif doirasida qator manfaatli muloqot va muzokarlar o`tkazishda davom etmoqda.