XALQARO EKSPERTLAR KORXONALARGA BIZNESNI REJALASHTIRISH STRATEGIYASINI ISHLAB CHIQISHDA YORDAM BERADI
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Stokgolm iqtisodiyot maktabi (IFL Entrepreneur AB) qoshidagi Shvetsiya boshqaruv instituti bosh direktori va DYB (“Biznesingizni rivojlantirish”) kursi rahbari Krister Ferling, Shvetsiyadagi Nordic Technology & Innovation AB kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va Sharqiy Shvetsiya savdo-sanoat palatasi (Östsvenska Handelskammaren) Stokgolmdagi savdo-sanoat palatasi a’zosi (Stockholms Handelskammare), investitsiya va biznes koʻlamini kengaytirish sohasidagi ekspert Amid Xon bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Muhokama markazida tadbirkorlar uchun biznesni xalqaro darajaga olib chiqishga qaratilgan oʻqitish kursini boshlash masalasi boʻldi.
Maʻlumot uchun: Krister Ferling menejment boʻyicha taniqli maslahatchi, Shvetsiyada biznesni tashkil etish va boshqarish boʻyicha katta tajribaga ega boʻlgan muvaffaqiyatli tadbirkor, tadbirkorlar uchun kouching va top-menejerlarni oʻqitish boʻyicha ekspertʻ. U koʻp yillar davomida tez rivojlanayotgan kompaniyalar, tarmoqlar, mintaqalar va davlatlar uchun strategik rejalashtirish va biznes konsepsiyalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi hamda oʻz ishlanmalarini boshqa tadbirkorlar bilan faol baham koʻradi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi suhbatda Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatining hozirgi davrdagi holati, soʻnggi yillardagi tizimli islohotlar va oʻzgarishlar, davlat koʻmagida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli investitsiya dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston charm-poyabzal tarmogʻidagi yirik ishtirokchilarning keyslari, ularning kelgusidagi rivojlanish salohiyati koʻrib chiqildi.
Mehmonlar ta’kidlaganidek, Oʻzbekistonda xalqaro e’tirofga loyiq koʻplab kompaniyalar mavjud, ammo hozircha ular taniqli brendga aylanish uchun yetarli bilim va koʻnikmalarga ega emaslar. DYB (“Develop your Business”) kursining asoschisi va muallifi biznesni boshqarish strategiyasi va uni xalqaro darajaga olib chiqish boʻyicha 6 oylik kurslarni Oʻzbekistondagi xususiy universitetlaridan birida yoʻlga qoʻyish yuzasidan ushbu ta’lim muassasasi bilan muzokaralar boshlanganini ma’lum qildi. Ushbu kurs doirasida Krister Ferling charm va poyabzal sohasidagi 10 ta korxonani tanlab olishni moʻljallagan boʻlib, bunda ularning rahbarlariga biznesni rivojlantirish sirlarini oʻrgatish bilan cheklanib qolinmaydi, balki amaliy natijaga – dunyo miqyosida mashhur kompaniyalar bilan shartnomalar imzolanishiga erishish asosiy maqsad qilib olingan.