BiOT-2023: Oʼzbekiston korxonalari 1 mln. dollarlik eksport shartnomalarini tuzdi
Xususan, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda MDH davlatlarini iqtisodiy rivojlantirish ishbilarmonlik markazi oʼrtasida charmsanoat sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalasida uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotda ayni tarmoqda faoliyat olib borayotgan ikki davlat korxonalarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, eksport-import, transport-logistika, imtiyozlar ajratish masalalari muhokama etildi.
Maʼlumot uchun: MDH davlatlarini iqtisodiy rivojlantirish ishbilarmonlik markazi MDH davlatlari rahbarilari qarori bilan 2000 yilda tashkil etilgan. Markazning asosiy ish faoliyati biznes vakillariga MDH hududida tadbirkorliklarini amalga oshirish, ikki va koʼp tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʼyicha amaliy koʼmak koʼrsatishdir. Qoʼshma loyihalarni amalga oshirishda kafolatlarni berishda yordamlashadi. 21 yildan buyon hamdoʼstlik davlatlari bilan aloqalarni kengaytirib kelayotgan mazkur tashkilotning yillik savdo aylanmasi 133 mlrd.dollarni tashkil etadi.
Uchrashuvda ishbilarmonlik markaziga mamlakatimiz charmsanoatida amalga oshirilayotgan isloxotlar, maxalliy korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport hajmlari yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.
Oʼz navbatida MDH davlatlarini iqtisodiy rivojlantirish ishbilarmonlik markazi tomonidan bugungi kunda Rossiyada Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab ortib borayotgani, eksport va investitsiya shartnomalarning hajmi koʼpayotgani bois, biznes vakillariga subsidiyalar ajratish, transport-logistika yoʼnalishlarida imtiyozlar berish lozimligi takidlandi. Muloqot yakunida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator kelishuvlar imzolanishi belgilab olindi.
Koʼrgazma doirasida ham mahalliy korxonalarimiz koʼplab kelishuv va shartnomalar imzolashga erishdi. Jumladan, Hindistonning “Super Exim” kompaniyasi Oʼzbekistonda charmni qayta ishlash sohasiga katta qiziqish bildirdi. Bugun ayni yoʼnalishdagi ishlarning tobora kengayib, rivojlanib borayotgani sabab kompaniya mamlakatimizga oʼz kapitalini yoʼnaltirishni maqsad qilmoqda. Mahalliy korxonalar bilan boʼlib oʼtgan muloqotda investitsiya loyihasini amalga oshirishning amaliy va tashkil jihatlari muhokama etildi.
“Ulkan Laziz” MChJ va Rossiyaning “Ursus Danil” kompaniyasi oʼrtasida boʼlib oʼtgan muloqotlarda esa Rossiya kompaniyasi mamlakatimizdan maxsus poyabzallarni xarid qilish boʼyicha muzokaralar oʼtkazdi. Mahalliy korxonamiz tomonidan rus kompaniyasiga mahsulot naʼmunalari yuborilgan. Ular sifat nazoratidan toʼliq oʼtgan. Muloqot soʼngida 1 mln. dollarlik mahsulotlar Rossiya kompaniyasiga eksport qilinadigan boʼldi.
Yana bir Hind kompaniyasi “Taurus Leather Mos”ni esa Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan charmning “Krast”, “Finish” bosqichidagi turlari qiziqtirdi. Hindistondagi eng yirik yishlab chiqaruvchi kompaniya Oʼzbekistondan charmning ayni bosqichdagi mahsulotlarini xarid qilishni maqsad qilgan. Shu bois Oʼzbekiston korxonalari bilan muldoqotlar va muzokaralarni kirishdi.
“BiOT-2023” xalqaro koʼrgazmasi mamlakatimiz korxonalariga yangi hamkorlar topish, oʼz biznes portfellarini yangi shartnomalar bilan boyitishda qulay platforma boʼlib xizmat qildi.