UzCharmExpo EURASIA 2024	UzCharmExpo EURASIA 2024

CHARM VA POYABZAL SANOATIGA QARIYIB 30 GA YAQIN XORIJIY BRENDLARNI JALB ETISH JARAYONI BOSHLANDI

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni hududlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʼilishi oʼtkazilgan edi. Mazkur yigʼilishda koʼtarilgan asosiy masalalar qatorida – “Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʼi ostidagi mahsulotlarimizni brendga aylantirish ham muhokama markazida boʼldi.

Milliy mahsulotlarimingizning jahondagi nufuzini va eksportdan kelayotgan tushumni oshirish maqsadida, Prezident mamlakatimiz mahsulotlarining faqat sotilishi emas, balki tashqi bozorlarda brend sifatida tanilishi uchun ham koʼmaklashish zarurligini taʼkidladi.

Shu oʼrinda mutasadilarga mato, kiyim, gilam, poyabzal, charm, oziq-ovqat, uy buyumlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni brendlar talablariga toʼliq moslashtirib, buyurtmalarni joylashtiruvchi “sorsing” kompaniyalari bilan bogʼlash vazifasi qoʼyildi.

Mahalliy korxonalarimizning xalqaro koʼrgazmalarda ishtirokini koʼpaytirish, Yevropa va Osiyo shaharlarida savdo uylarini ochish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

Shuningdek, mashhur nomdagi mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish koʼlamini kengaytirish boʼyicha tashabbuslar ilgari surildi.

Xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb etish maqsadida brendlar nomi ostida mahsulot ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy qilishda, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladigan boʼldi. Mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur barcha xomashyolar bojxona toʼlovlaridan ozod qilinadi. Kamida 30 foiz mahsulotini brend ostida ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar berilmoqda. Yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan Oʼzbekistonda ishlaganlik uchun toʼlovlar undirilmaydi.

Shu oʼrinla takidlash joizki, charm sanoatida ham brendlarni yurimizga jalb etish, maxalliy korxonalarimizni brend miqyosiga koʼtarish boʼyicha keng koʼlamli ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan say-harakatlarning dastlabki natijasi - Oʼzbekistonda Nike brendi mahsulotlarini ishlab chiqarilishi yoʼlga qoʼyilganidir.

Eksport koʼrsatkichlarini yanada oshirish va jahon brendlarini Oʼzbekistonga keng jalb etish, Oʼzbekiston charm-poyabzal sanoatini jahon sanoatiga integratsiyalash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu vazifalar “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida ham ustuvor yoʼnalishlardan biri sifatida belgilab qoʼyilgan. Startegiya doirasida mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatiga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy brendlarni jalb etgan xolda tarmoq mahsulotlarining qoʼshilgan qiymatini 5 barobar oshirish vazifasi yuklatilgan.

Bu boradagi dastlabki ishlar amalga oshirilib, ilk natijalar qoʼlga kiritildi. Misol uchun, Аndijonda joylashgan “Sino International Invest” MChJ xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Аutsorsing” orqali “Nike” brendi ostida krossovkalar ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼygani koʼpchilikka maʼlum. Korxona mahsulotlari bugungi kunda ichki bozorga shuningdek, Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʼiston bozorlariga yetkazib berilmoqda. Kelgusi yildan esa Pokiston va Yevropa bozorlariga eksport qilinishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, “Sitonni” va “Clasica Shoes International” korxonalari Germaniyaning “Berkemann”, “Solidus”, “Marc”, “Senbert”, “Everybody”, “Daumling”, “Finn Comfort” brendlari “autsorsing” va “franchayzing” asosida brendli mahsulotlar ishlab chiqarish toʼgʼrisida kelishuvga erishgan. Hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan

Xorijiy brendlar bilan “autsorsing” va “franchayzing” formatida mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 30 ga yaqin taniqli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb etish choralari koʼrib borilmoqda.

Buning natijasida sohaning eksport salohiyati ham ortib bormoqda. Raqamlarga azar tashlasak, eksport hajmi 2017 yildagi 85 mln dollardan 2022 yilda 460 mln dollariga yetdi. 2023 yil oxiriga kelib bu koʼrsatkich 600 mln dollarga yetishi kutilmoqda.

Xorijiy brendlarni tarmoqqa yana keng jalb etish jarayonni tezlashtirish uchun LWG, SLF va boshqa xalqaro tashkilotlar sertifikatlarini olish ishlari olib borilmoqda. Dunyodagi eng yirik xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotlari – Leather Working Group va Sustainable Leather Foundation aʼzosiga aylangan “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi bu jarayonlarda sanoat korxonalariga yordam bermoqda. Natijada “Orient Technology” va “Top Quality Brand” korxonalari LWG sertifikatlarini oldi.

“MM Goodwill”, “Nafis Charm”, “Gold Leather Export Import”, “Peng Sheng Charm” va “Hamkor Nur Savdo” korxonalari SLF tashkilotiga aʼzo boʼlish boʼyicha muzokaralar olib bormoqda.

Umuman olganda, agar 2022 yilda sanoat korxonalari tomonidan Yevropa Ittifoqi davlatlariga 9 mln dollardan oshiq tayyor charm, poyabzal, charm buyumlar va sunʼiy charm eksport qilingan boʼlsa, joriy yilda bu koʼrsatkich 24,6 mln dollarga yetdi (2022 yilga nisbatan oʼsish 2,7 barobarni tashkil etdi).

Taʼkidlash joizki, yurtboshimiz tomonidan GSP+ preferentsiyalar tizimidan foydalanishni 2027 yilga qadar uzaytirilgani sohadagi tadbirkorlar Yevropaga chiqishda yanada keng imkoniyatlarni yaratib berdi. Bugungi kunda charm sanoatida 10 turdagi mahsulotlar GSP + tizimi boʼyicha eksport qilinayotgan boʼlsa kelgusi yildan boshlab bu roʼyxatni 30 turga yetkazish koʼzda tutilgan. Shu maqsadda, soha korxonalarida halqaro sifat menedjmenti (ISO) sertifikatlarini olish boʼyicha tarmoq rejalari tuzilgan boʼlib, unga muvofiq, 100 ga yaqin korxonalar tomonidan xalqaro sertifikat (ISO:9001) oʼzlashtirishga erishilgan boʼlib, 2024 yilda mazkur turdagi sertifikatlarni 200 dan ziyod korxonalarga tadbiq qilish boʼyicha aniq reja va maqsadlar oldinga qoʼyilgan.