Xitoyning “JOSINY” brendi O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining XXRga amalga oshirgan ishchi tashrifi davom etmoqda. Uyushma delegatlari Xitoyning mashxur brendlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali muloqot va muzokaralarga kirishgan.
Xususan, Xitoyning mashxur “JOSINY” brendi O‘zbekiston korxonalari bilan “Autsorsing” va “Franchayzing” asosida hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda. Uyushma delegatsiyasning brend rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida ayni masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, “JOSINY” brendiga 2000 yilda Xitoyda asos solingan. XXRdagi eng yirik 3 ta poyabzal brendi va kompaniyalaridan biri sanaladi. Asosan, ayollar, erkaklar poyabzallarini ishlab chiqaradi. Quvvati oyiga 2 mln.juftni tashkil etadi. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. Bugungi kunda zavodda 3000 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. Bundan tashqari brend aksessuarlar va sumkalar ishlab chiqarish bilan ham shug‘llanadi. Kompaniyaning ishlab chiqarish zavodi Venchjouda joylashgan. Bugungi kunga kelib, brend nafaqat Xitoyda balki, Qozog‘iston va Rossiyada ham o‘zining rasmiy savdo do‘konlariga egadir.
Endilikda kompaniya MDH davlatlariga mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z ishlab chiqarishini joylashtirishni rejalashtirgan. Brendning kelgusi besh yillik strategiyasiga mintaqamizda o‘zining ishlab chiqarishini tashkil etish rejasi kiritilgan.
Muzokaralar chog‘ida brend rahbariyatiga O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yishning afzalliklari, davlat tomonidan xorijiy kompaniyalarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
“JOSINY” brendi vakillari joriy yilda O‘zbeksitonga tashrif buyurib, hamkorlikning istiqbollarini ko‘rib chiqib kelgusi rejalarni amalga oshirishning asosiy bosqichlarini muhokama qiladigan bo‘ldi.