Ijtimoiy sheriklik forumi: GIZ Oʼzbekistonga kadrlar tayyorlashda koʼmaklashadi
GIZning “Oʼzbekiston kasb-hunar taʼlimi tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qoʼllab-quvvatlash" loyihasi doirasida kasb-hunar taʼlimi sohasida manfaatdor tomonlar oʼrtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va ikki tomonlama kasb-hunar taʼlimini joriy etish maqsadida Samarqand shahrida hududiy Forum tashkil etildi. Forumda viloyat hokimligi, tashkilot va idoralar, taʼlim muassasalari, sanoat korxonalari qatorida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Hududiy forumni oʼtkazishdan asosiy maqsad Oʼzbekistonda kasb-hunar taʼlimi va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalarida oʼzaro hamkorlik aloqalarini hududiy bosqichlarda kengatirishdir. Soʼnggi yillarda sohalarni isloh qilish jarayoniga ilgʼor xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy yondashuv qoʼllanilayotgani oʼz navbatida kasb-hunar taʼlimini yangi bosqichga olib chiqish va shu orqali uning mehnat bozori bilan integratsiyasini taʼminlaydi.
Maʼumlot uchun: “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi GIZ bilan “Oʼzbekiston kasb-hunar taʼlimi tizimida islohot va modernizatsiya jarayonlarini qoʼllab-quvvatlash” loyihasi doirasida charm-poyabzal tarmogʼi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʼyicha amaliy va moliyaviy koʼmak koʼrsatish boʼyicha hamkorlik kelishuviga erishgan. Hozirgi kunda tarmoq uchun talab etilayotgan 5000 mingdan ortiq mutaxassislarni hududlarda oʼquv amaliyot markazlari, qisqa muddatli kurslarda oʼqitish boʼyicha ishlar tashkil etilgan. Korxonalar qoshida “Dual” taʼlim tizimi asosida kadrlarni qayta tayyorlash borasida ishlar olib borilmoqda.
Forum ishida “Kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishda asosiy ishtirokchilar”, “Qaror qabul qilishda uchraydigan toʼsiqlar”, “Ikki tomonlama taʼlimni joriy etish yoʼlidagi toʼsiqlar”, “Ijtimoiy sheriklik omillarini takomillashtirish”, “Yoshlarni ish bilan taʼminlash” kabi mavzular va masalalari muhokama qilinadi. Samarqand viloyatidagi charmsanoat korxonalari “Dual” taʼlim formatida kadrlar tayyorlashda ishtirok etish boʼyicha loyiha vakillari bilan muloqotlar oʼtkazdi.
Qayd etish kerak, mazkur loyiha mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq oʼquv jarayoniga ikki tomonlama kasbiy tayyorgarlikni joriy etish boʼyicha keyingi qoʼshma qadamlar uchun qulay platformadir.